Yangiliklar

16 Sentyabr 2024

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd” kompaniyasi bosh direktori Ezel Agaoglu O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlamoqda

Joriy yil 12 sentyabr kuni “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd” kompaniyasini 2021 yil sentyabridan bosh direktori vazifasida ishlab kelayotgan Ezel Agaoglu O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlayotganligi munosabati bilan faoliyati davomida ko‘rsatilgan yaqindan hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib tashrif buyurdi.

Janob Ezel Agaoglu O‘zbekistondagi 2021 yilning sentyabr oyidan boshlab o‘tgan faoliyati davrida “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd” kompaniyasida zamonaviy korporativ va moliyaviy boshqaruv tizimlarini joriy etilishiga, kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga, yillik soliq tushumlarini xususiylashtirishdan oldingi davrga nisbatan karrasiga oshirishga muvaffaq bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi Turkiyaning yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Anadolu Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Coca-Cola İçecek”ga 2021 yilda sotilishi O‘zbekistondagi xususiylashtirishning birinchi muvaffaqiyatli misollaridan biri hisoblanishini ta’kidlab o‘tildi.

Ma’lumot uchun: 2021 yilda “Rothschild & Co” va “Dentons” xalqaro konsalting kompaniyalari ishtirokida, “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ ustav kapitalidagi 57,1% davlat ulushini “Coca-Cola İçecek A.Ş.” (CCI) kompaniyalar guruhiga 252,3 million AQSh dollariga sotilgan.

Mazkur bitim O‘zbekiston ichimliklar bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, xususan, so‘nggi 3 yil ichida turk investori tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish yo‘li bilan, Urganchdagi mavjud ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun 40 million AQSh dollarlik  yangi texnologiyalar joriy qilindi, shuningdek Samarqand shahrida qiymati 112 million AQSh dollar bo‘lgan “Coca-Cola Bottlers Uzbekistan”ning yangi va zamonaviy to‘rtinchi zavodi ishga tushirildi, natijada yangi 200 ta ish o‘rinlari yaratildi. 2025 yilda Namangandagi mavjud zavod o‘rniga yangi zamonaviy infratuzilmaga va texnologiyalarga ega bo‘lgan zavod boshqa joyda yangidan qurib ishga tushiriladi.

Janob Ezel Agaoglu O‘zbekistondagi faoliyati davomida yaqindan hamkorlik va hamrohlik qilganligi uchun Davaktiv agentligiga minnatdorchilik bildirib, Kompaniyaga yangi keladigan rahbar bilan konstruktiv va sermahsul hamkorlik o‘rnatilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida Davaktiv agentligi janob Ezel Agaogluga xususiylashtirishdan keyingi jarayondagi eng yaxshi boshqaruvchi faxriy yorlig‘ini topshirib, kelgusidagi faoliyatiga yanada ulkan zafarlar tilab qoldi.

15 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech